Transport vazirligi turbulentlikka uchragan Toshkent—Olmaota reysi bo'yicha munosabat bildirdi

Tibbiy yordam koʻrsatilgach, yoʻlovchilar kasalxonaga yotishdan bosh tortgan

Foto: RIA Novosti

Foto: RIA Novosti

Olmaotadan Toshkentga uchgan Air Astana aviakompaniyasining KC 128 reysi kuchli turbulentlikka duch kelgani toʻgʻrisida xabar berilgandi. Oʻzbekiston Transport vazirligi mazkur holatga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, 2-yanvar kuni Toshkent—Olmaota yoʻnalishi boʻyicha KC 128 reysini amalga oshirish chogʻida Air Astana aviakompaniyasining samolyoti Chimkent parvozlarni boshqarish markazi hududida 350 (10,6 km) balandlikda kuchli turbulentlikka uchragan.

Samolyot Toshkentdan mahalliy vaqt bilan soat 14:35 da havoga koʻtarilgan. Airbus A321 havo kemasi bortida 135 yoʻlovchi va 9 nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan.

Olingan maʼlumotlarga koʻra, hodisa natijasida 7 kishi (shundan 3 nafari Oʻzbekiston fuqarosi) jabrlangan. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 16:45 da Olmaota aeroportiga qoʻngan. Yoʻlovchilarga yordam koʻrsatish uchun tez yordam mashinalari aeroportda kutib olgan.

Havo kemasi qoʻnganidan soʻng 2 nafar yoʻlovchi tibbiy yordam soʻragan va ular Olmaotadagi shifoxonalardan biriga koʻrikdan oʻtish uchun yuborilgan. Taʼkidlanishicha, koʻrikdan soʻng singan tan jarohatlari qayd etilmagan, tibbiy yordam koʻrsatilgach, yoʻlovchilar kasalxonaga yotishdan bosh tortgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling