Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan iqtisodiy faollik darajasini baholash va prognoz qilish uchun respublikada uy-joy va ipoteka bozoridagi faollik darajasi tahlil qilindi.
2024-yilning III choragida Oʻzbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi. Xususan, iyul-sentyabr oylarida koʻp qavatli uylardagi kvartiralar oldi-sotdisi uchun 41 861 ta shartnoma rasmiylashtirilgan boʻlib, bu koʻrsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 3362 taga (7,4 foizga) kam.
Tahlillar tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari va aholi tasarrufidagi daromadlar uy-joy bozoriga taʼsir etuvchi muhim omillar ekanligini koʻrsatdi.
Xususan, 2021-yil yanvar oyidan 2024-yil sentyabr oyigacha boʻlgan davrda uy-joy oldi-sotdisi va aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi oʻrtasida (korrelyatsiya koeffitsiyenti = 0,81), shuningdek, uy-joy oldi-sotdisi va aholining tasarrufdagi daromadlari oʻrtasida (korrelyatsiya koeffitsiyenti = 0,48) sezilarli bogʻliqlik mavjudligi aniqlandi.
Maʼlumot uchun: Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2024-yilning III choragida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 4,84 trln. soʻmni tashkil etgan boʻlib, bu koʻrsatkich 2023-yilning mos davriga nisbatan 7,3 foizga kam.
Tahlillarga koʻra, ajratilgan kreditlarning oʻsish surʼati soʻnggi 3 yildagi oʻrtacha darajada saqlanib qolsa, yil oxiriga qadar har oyda oʻrtacha 13,0-14,0 mingta uy-joy oldi-sotdi shartnomalari tuzilishini kutish mumkin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling