IT-park rezidentlariga soliq toʻlashdan ozod etish boʻyicha imtiyozlar 2040-yilgacha uzaytiriladi

Prezident raisligida yetakchi tadbirkorlar bilan muloqot oʻtkazilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi hamda yetakchi tadbirkorlar bilan muloqot oʻtkazilmoqda.

Prezident mintaqadagi eng qulay va jozibador biznes muhitini saqlab qolish uchun barqaror soliq siyosati davom ettirilishini taʼkidladi.

Jumladan, hayotiy zarur xarajatlarni moliyalash uchun byudjet tushumlari qanchalik zarur boʻlmasin, asosiy soliqlar boʻyicha stavkalar oʻzgarmaydi.

Shuningdek, 1-yanvardan boshlab yer yoki davlat mulki QQSsiz sotiladi, mobil aloqa uchun aksiz soligʻi (10 foiz) bekor qilinadi.

Shahar chegarasidagi qishloq yerlariga 2 karra yer soligʻini hisoblash toʻxtatiladi. Nashriyot korxonalari foyda soligʻini toʻlashdan 5 yilga ozod etiladi.

Bundan tashqari, IT-park rezidentlariga barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan ozod etish boʻyicha imtiyozlar 2040-yilgacha uzaytiriladi.

Xususiy maktab va bogʻchalar, xorijiy oʻqituvchi va mutaxassislar uchun berilgan barcha soliq imtiyozlari 2030-yilgacha amal qiladi.

Kelgusi yilda marrani katta olib, yalpi ichki mahsulotni 120 milliard dollarga, eksportni 30 milliardga yetkazish, investitsiyani 42 milliarddan oshirish, 5 million aholini band qilish, 1,5 million odamni kambagʻallikdan chiqarish reja qilinmoqda.

Shu yilning oʻzida xususiy sektorda daromad soligʻi toʻlovchilar soni 365 mingga koʻpaydi. Keyingi vazifa – ularning daromadini koʻpaytirib, munosib hayot kechirishi uchun yetarli sharoit yaratishdan iborat.

Lekin xususiy sektordagi ishchilarning 30 foizida rasmiy oylik 1 million soʻmdan kam qilib koʻrsatilgan. Ayniqsa, Qoraqalpogʻiston, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda bu masala juda dolzarb ekani taʼkidlandi. Bu asosan toʻqimachilik, qurilish, qishloq xoʻjaligi, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida uchrayapti.

Bu holatning sabab-omillarini bartaraf etish maqsadida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi.

Masalan, toʻqimachilik va charm sohalarida kamida 2,5 million soʻm oylik toʻlaydigan, 15 foiz ishchisi ehtiyojmand oiladan boʻlgan tayyor mahsulot chiqaruvchi tadbirkorlarga yengilliklar beriladi.

Bunday korxonalarning foyda soligʻi ham, ishchisini daromad soligʻi ham 1 foiz boʻladi. Bu imtiyozga javoban ular 50 ming ehtiyojmand odamni ishga oladi.

Davlat boshqa tarmoqlar uchun ham bu yil tugaydigan imtiyozlarni mana shunday ijtimoiy mezon bilan uzaytirishga tayyor.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling