Markaziy bank 31-oktyabrda asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qildi.
Maʼlum qilinishicha, iqtisodiyotdagi yuqori isteʼmol va investitsion faollik hamda ayrim turdagi tovarlar va xizmatlar taklifidagi oʻzgarishlar taʼsirida inflyatsiyani oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda.
Inflyatsiyaning barqaror pasayib borishi va oʻrta muddatda 5 foizlik target koʻrsatkichiga erishishini taʼminlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy darajada saqlab qolish lozim boʻladi.
Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari va inflyatsiya omillari boʻyicha kutilmalardan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
2024-yil sentyabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 10,5 foizni tashkil etib, III chorak davomida oʻzgarishsiz qoldi. Bazaviy inflyatsiya dinamikasi yuqori isteʼmol talabi, yoqilgʻi resurslari narxi va tariflarini erkinlashtirilishini xizmatlar narxlariga oʻtishi hamda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi taʼsirida sentyabr oyida yillik 7,1 foiz doirasida shakllandi.
Meva va sabzavotlar oʻrtacha narxlarida pasayish dinamikasi davom etib, umumiy inflyatsiyani pasaytiruvchi omillardan boʻlmoqda. Oktyabr oyidagi haftalik kuzatuvlar isteʼmol tovarlari narxlarining nisbatan barqaror boʻlganligini va oylik oʻzgarish oʻtgan yilning mos davridagi koʻrsatkichlardan past shakllanishini koʻrsatmoqda.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari hamda inflyatsiyaning joriy va prognoz darajasi oʻrtasidagi tafovut yuqoriligicha qolmoqda. Sentyabrda oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, aholining inflyatsion kutilmalari 13,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 12,6 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning soʻnggi choragida nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari taʼsirida inflyatsion jarayonlarning maʼlum darajada pasayishi hamda yil yakunida umumiy inflyatsiyaning
9,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
2024-yil yanvar-sentyabr oylarida iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy oʻsish dinamikasi hisobiga yalpi ichki mahsulotning real oʻsishi 6,6 foizni tashkil etdi. Investitsion faollikning yuqoriligi iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan boʻlmoqda.
Transchegaraviy pul oʻtkazmalarining oʻtgan yilga nisbatan yuqori surʼatlarda oʻsishi aholi daromadlarining oshishiga hissa qoʻshmoqda. Iqtisodiyotda oʻrtacha ish haqi va real daromadlarning oʻsib borishi isteʼmol faolligini qoʻllab-quvvatlamoqda. Jumladan, xizmatlar va chakana savdo sohalaridagi yuqori oʻsish surʼatlari kuchli isteʼmol talabi shakllanayotgani bilan izohlanadi.
Iqtisodiy rivojlanishning ushbu tendensiyalaridan kelib chiqib, 2024-yilda YAIMning real oʻsishi 6,0-6,5 foiz atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Pul bozori foiz stavkalari va davlat qimmatli qogʻozlari daromadliligi iqtisodiyotda nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari saqlanayotganligini aks ettirmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamgʻarish faolligini oshirishda davom etmoqda. Kredit qoʻyilmalari oʻsishining moʻtadillashuvi va omonatlardagi yuqori oʻsish surʼatlari yalpi talabni muvozanatlashtirish va inflyatsiyaga monetar omillar taʼsirini pasaytirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda inflyatsiyani oshiruvchi, xususan, kelgusi choraklarda energiya resurslarining yetarli taʼminoti va narxining qisqa muddatli oʻzgarishi, ayrim tovarlar taklifida uzilishlar va xizmatlar narxining nisbatan yuqori darajalarini saqlanib qolishi bilan bogʻliq xatarlar yuzaga chiqishi mumkin.
Har qanday sharoitda ham Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etib, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyatsion kutilmalar va tarkibiy islohotlar surʼatlariga alohida eʼtibor qaratadi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2024-yil 12-dekabrga belgilangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling