Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7-noyabr kuni qishloq xoʻjaligida suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish va yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Doʻstlik tajribasi
Jizzax viloyatining Doʻstlik tumanida xitoylik investorlar bilan suv boshqaruvini aqlli tizimga oʻtkazish boʻyicha loyiha yakuniga yetkazildi.
Suv taqsimlanadigan 2 mingta nuqtaga hisoblagich va videokamera oʻrnatilib, kimga qancha suv borgani aniq koʻrinadi. Avtomatlashgan boshqaruv orqali 20 foiz, sugʻorish tarmoqlarini taʼmirlash hisobiga yana 10 foiz suv tejaladi. Suv boshqaruvi xususiy sektorga berilib, fermerlar bilan kooperatsiya tuziladi.
Viloyatlar hokimlariga Doʻstlikdagi yangi tizimni oʻrganish, viloyatidagi suv taʼminoti ogʻir va xarajati qimmat 1 tadan tumanda Doʻstlik tajribasini joriy qilish topshirildi.
“Nasoslar samaradorligini oshirish yili”
Yigʻilishda hokimlar oldiga fermer va klasterlar bilan birgalikda 1-aprelgacha 15 ming kilometr ichki ariqlarni beton qoplamaga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi. Mutasaddilar har bir kanalga ajratilayotgan har bir soʻmni maqsadli, tejamkorlik bilan toʻgʻri ishlatish zarurligi haqida ogohlantirildi.
Prezident 2025-yil suv xoʻjaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” boʻlishini taʼkidladi.
Xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini oʻrnatib, 20 foiz elektrni tejash mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Mutasaddilarga Jizzax va Namangan bosh nasos stansiyalarini shaffof va jozibador shartda xalqaro tenderga chiqarish topshirildi.
Xorazm tajribasi
Fermer xoʻjaliklarida 1 ming 700 ta nasos yiliga 1 milliard kilovatt elektr sarflaydi. Ularga elektr xarajati uchun bu yilgi byudjetda 170 milliard soʻm subsidiya reja qilingan edi. Kelgusi yil bunga yana 250 milliard soʻm ajratilmoqda.
Masalan, xorazmlik 92 nafar dehqon zamonaviy nasos oʻrnatib, elektrni 20 foiz tejayapti. Quyosh paneli oʻrnatish hisobiga ehtiyojidan ortgan elektrni davlatga sotib, oyiga qoʻshimcha 7-8 million soʻm daromad olayapti. Xorazm tajribasini kengaytirish maqsadida elektr xarajati uchun subsidiyani nasoslarni yangilash va quyosh panellari oʻrnatishga bogʻlash kerakligi qayd etildi.
10 ta sel suv ombori qurish
Qoʻshrabot tumanining “Xonnazor”, “Chorloq”, “Qoʻrgʻon”, “Shovona” va “Qiyqim” mahallalaridan oʻtgan soydan yiliga 36 million kub metr suv samarasiz oqib ketadi. Bu yerda kichik suv ombori qurilsa, 2,5 ming gektar yerni oʻzlashtirish, yangi yerlarni intensiv sabzavotchilik uchun aholiga berib, 4 ming ishsizni band qilish va 600 ta oilani kambagʻallikdan chiqarish mumkin.
Bunday sel suv omborlarini Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Fargʻonadagi yana 9 ta tumanda barpo qilib, 50 ming gektarda suv taʼminotini yaxshilash imkoni bor. Shu munosabat bilan mutasaddilarga 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlash topshirildi.
Suv xoʻjaligini raqamlashtirish markazi
Prezident suv xoʻjaligi sohasida keskin oʻzgarish qilishning birdan-bir yoʻli – raqamlashtirish ekanini taʼkidladi. Nasos stansiyalariga 1,7 mingta “onlayn” nazorat qurilmasi va 12 mingta “aqlli suv” qurilmasi olib kelingan. Lekin ulardan olinadigan maʼlumotlarni jamlab, tahlil qiladigan axborot tizimi yoʻq.
Shu bois, Suv xoʻjaligi vazirligi huzurida Suv xoʻjaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz suv isteʼmoli va uni hisobini yuritishning yagona axborot tizimini ishga tushiradi.
Hozirda suv soligʻidan tushumning 40 foizi tuman suvchilarida qolmoqda. Lekin, 27 ta tumanda undirilgan suv soligʻidan mablagʻ suv yetkazish xizmatlariga oʻtkazib berilmagan. Viloyat hokimliklariga bir haftada ushbu kamchilikni bartaraf qilish topshirildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling