Prezidentga maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 2025-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar bo‘yicha axborot berildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri navbatdagi rejalar yuzasidan axborot berdi. Kelgusi o‘quv yilida 100 dan ziyod maktablar tashkil etilib, 257 ming o‘quvchi o‘rni ochiladi. Davlat taʼlim dasturi xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtiriladi.
Ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar 420 taga, kasb-hunar o‘rgatiladiganlari 400 taga yetkaziladi. Dunyodagi ilg‘or tajribalar, yangi uslublar amaliyotga kiritilmoqda. Jumladan, bu yil 1 ming 500 ta umumtaʼlim maktabida yangi baholash tizimi joriy qilindi. Natijalar tahlilidan kelib chiqib, bu tajriba yana kengaytiriladi.
O‘qituvchilarga malaka toifasini berishda ham raqamlashtirilgan tizimga o‘tilgan. Endi toifasini oshirgan pedagoglar rag‘batlantiriladi, ularga to‘plagan baliga qarab 70 foizgacha ustama beriladi. Davlat rahbari malaka sinovlari tartibini takomillashtirish, sog‘lom raqobat muhitini yaratib, barcha pedagoglarga teng imkoniyat berish zarurligini taʼkidladi.
Shu maqsadda keyingi yildan hududlardagi malaka oshirish markazlarida o‘quv jarayonlari o‘zgartiriladi. Bunda har bir o‘qituvchining ehtiyojidan kelib chiqib, tabaqalashgan malaka oshirish tizimi joriy qilinadi. Malaka sinovidan o‘ta olmaganlar alohida dastur asosida qo‘shimcha o‘qitiladi. Viloyatlardagi 5 ta Pedagogik mahorat markazi zamonaviy sharoitda ish boshlaydi. Barcha markazlar situatsion o‘quv texnikalari va virtual laboratoriya bilan jihozlanadi.
Taʼlim tashkilotlariga malakali rahbarlarni jalb etish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, qo‘shimcha manbalar hisobidan, maktab va bog‘chalar direktorlari hamda ularning o‘rinbosarlarini moddiy rag‘batlantirish taklifi bildirildi.
Yuqori sinflarda harbiy vatanparvarlik darslari bir soatga ko‘paytirildi. Ushbu yo‘nalish o‘qituvchilari nufuzini oshirish uchun ularga harbiy unvon berish tartibi belgilandi. Kelgusi o‘quv yiligacha bu fan bo‘yicha yangi darsliklar ishlab chiqiladi, kasbiy salohiyati yuqori o‘qituvchilar ishga jalb etiladi. Mudofaa vazirligi bilan birga 208 ta taʼlim maskanida “Jasorat maktablari” tashkil etiladi. Bu maktablarga tarbiyasi og‘ir o‘quvchilar ham qamrab olinadi.
2025 yildan boshlab, maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. “Metodik mahorat soati”, “Metodik mahorat kuni” kabi malaka oshirish shakllari tashkil qilinadi.
Keyingi yil 162 ta maktabgacha taʼlim muassasasi quriladi, 100 ta xususiy va mingta oilaviy bog‘cha ochiladi. Bular orqali maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetkaziladi. Maktabga tayyorlov guruhlari bilan boshlang‘ich sinf o‘quv dasturlarining uzviyligi oshiriladi.
Prezident sohani barcha hududlarda rivojlantirib, umumiy taʼlim sifatini oshirish, bunda, ayniqsa, chekka tumanlarga alohida eʼtibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling