Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlati rahbari so‘zining avvalida jahonda geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlari kuchayib borayotgan bugungi murakkab vaziyat shiddat bilan o‘zgarib borayotganini qayd etdi.
Prezident dolzarb xalqaro muammolarni hal etishda, birinchi navbatda, xalqaro huquq normalari va BMT Nizomiga tayangan holda tashkilot davlatlarining umumiy yondashuv va pozitsiyalarini mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston yetakchisi bu borada ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi va qator yangi takliflar bildirdi.
Siyosiy jihatdan O‘zbekiston tashabbusi bilan Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik va qardoshlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Ushbu hujjat xalqlarimizni yana-da yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikning uzoq muddatli huquqiy bazasini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Prezident savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-kommunikatsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, Tashkilot mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasida o‘zaro savdo ulushini oshirish maqsadida “Turk-treyd” onlayn platformasini yaratish va Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish bo‘yicha amaliy dastur qabul qilish taklif etildi.
Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmining o‘sishini taʼminlash va bojxona-chegara tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida davlat rahbari ushbu yo‘nalish bo‘ylab "yagona darcha" va "yashil yo‘laklar" tizimini tez fursatda joriy etishga chaqirdi. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida Turkiy davlatlarning multimodal transport va logistika xalqaro forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari Turkiy investitsiya jamg‘armasi taʼsis etilganini olqishlab, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Qo‘shma venchur kompaniyasi va Tashkilotga aʼzo mamlakatlarning investitsiyaviy imkoniyatlarini taqdim etadigan yagona portal tashkil etish muhim ekanini taʼkidladi.
Sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish tarmoqlarida yirik ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish taklif qilindi.
Davlat rahbari iqlim kun tartibiga to‘xtalar ekan, yaqinda Samarqand shahrida o‘tgan Xalqaro iqlim forumi davomida “yashil” taraqqiyot sohasida global va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha qator muhim tashabbuslar ilgari surilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Budapesht shahrida Qurg‘oqchilikning oldini olish institutini ishga tushirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Uning faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb qilish uchun qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish taklif qilindi.
O‘zbekiston prezidenti fan, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Toshkent shahrida Turkiy davlatlar xalqaro universitetining ochilishi tashkilotga aʼzo mamlakatlarning taʼlim dasturlarini amalga oshirish va iqtidorli yoshlarni tayyorlashga munosib hissa bo‘lishi taʼkidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti - TURKSOY faoliyati va tuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda Turkiy madaniyat jamg‘armasi kengashining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.
Sammit yakunida Budapesht deklaratsiyasi, shuningdek, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa qator hujjatlar qabul qilindi.