Prezident Administratsiyasida joriy yil yakuni bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda kutilayotgan natijalar va energetikadagi vaziyat boʻyicha yigʻilish oʻtkazilmoqda. Yigʻilishda videoaloqa orqali barcha hududlar rahbarlari ishtirok etyapti. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.
Administratsiya rahbari Sardor Umurzakov raisligida keskin tanqidiy ruhda oʻtayotgan yigʻilishda qish mavsumini betalafot oʻtkazish uchun masʼul mutasaddilar ishidagi jiddiy kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi, mavsumga tayyorgarlik ishlaridagi qoloqliklar, yuzaga kelgan vaziyatni bartaraf etish choralar tezkor qabul qilinmagani va umuman sustligi yuzasidan jiddiy eʼtirozlar bildirildi.
Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib taʼminlash masalalarini tezkor va tizimli hal etib borish maqsadida Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida kunu tun ishlaydigan shtablar tashkil etish topshirildi.
Bu masalalar boʻyicha kunlik nazorat oʻrnatish uchun Prezident maslahatchilari va Bosh vazir oʻrinbosarlari har bir viloyat hokimiga biriktiriladigan boʻldi.
Shtablar va biriktirilgan rahbarlar alohida eʼtiborni quyidagilarga qaratadi:
- elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarish hamda ularni isteʼmolchilarga yetkazib berish;
- aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari uchun koʻmir va suyultirilgan gaz yetkazib berish;
- qoʻp qavatli uy-joylarga xizmat koʻrsatuvchi qozonxonalarning ishlash holatini nazorat qilish va boshqalar.
Yigʻilishda yuzaga kelgan vaziyatni normallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Jumladan:
- tovar gaz yetkazib berish hajmini sutkasiga 5 million kub metrga oshirish;
- 2023-yil 1-martga qadar davlat idoralari tasarrufidagi siqilgan gazda harakatlanadigan avtomobillardan foydalanishni taqiqlash, ularni benzinga oʻtkazish;
- xorijiy davlatlar bilan qoʻshimcha tabiiy gaz, elektr energiyasi, koʻmir, mazut xarid qilish boʻyicha muzokaralarni jadallashtirish;
- 2 oy muddatga AI-80 benzini importi uchun aksiz soligʻi va uni chakana sotish uchun aksiz soligʻini hisoblash va undirishni toʻxtatib turish;
- birja sotuvlariga qoʻyilayotgan AI-80 benzining kunlik hajmini oshirish;
- AI-80 benzini narxining asossiz oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik, narx oshishi boshlangʻich narxning 5 foizidan ortiq boʻlmasligini taʼminlash.