O‘zbekistonda 2025-yildan har yili "Kelajak uchun" istiqbolli tashabbuslar forumi o‘tkazib boriladi

Forumni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Prezidentning “Islohotlarni amalga oshirishda istiqbolli tashabbuslarni yana-da qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar aholining istiqbolli tashabbuslarini rag‘batlantirish chora-tadbirlarining asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

  • samarali va xalqchil islohotlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik va jamiyatning turli qatlamlari vakillarining ishtirokini qo‘llab-quvvatlash;
  • istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida keng aholi qatlami uchun ochiq muloqot maydonini yaratish;
  • zamonaviy, ilg‘or g‘oyalar va istiqbolli tashabbuslarni saralash va tanlab olishning samarali mexanizmlarini joriy qilish.

2025-yildan har yili "Kelajak uchun" istiqbolli tashabbuslar forumi o‘tkazib boriladi. Forum o‘tkaziladigan ustuvor yo‘nalishlar har yili “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilab beriladi.

Shuningdek, farmon bilan “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Nizom “Kelajak uchun” istiqbolli tashabbuslar forumini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish, istiqbolli tashabbuslarni yig‘ish, tahlil qilish va ko‘rib chiqish hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Forum doirasida istiqbolli tashabbuslarni yig‘ish, dastlabki saralash va umumlashtirish jarayonlari Strategik islohotlar agentligi tomonidan har yili 1-iyuldan 1-sentyabrgacha o‘tkaziladi. Mentorlar kengashi tomonidan top-10 deb topilgan eng dolzarb istiqbolli tashabbuslar Prezident ishtirokida o‘tkaziladigan Forumning yalpi majlisida muhokama qilinadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling