Prezidentning “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, AOKA tugatilib, uning axborot sohasida nazorat va monitoring bo‘yicha vazifa va funksiyalari Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga o‘tkazildi. Shuningdek, Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi;
Shu bilan birga, Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi.
Bundan tashqari, Administratsiya Matbuot xizmati media-markazi negizida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etildi.
Farmon bilan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi.
2025-yil 1-sentyabrgacha quyidagilarga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi:
- byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, takrorlanuvchi nazorat funksiyalarini bekor qilish, qaror qabul qilishda shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashga qaratilgan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini oshirish;
- hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish borasida mahalliy hokimliklar iqtisodiy, maʼmuriy va moliyaviy vakolatlarini yana-da kengaytirish.