Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etiladi

Jamgʻarma koʻmagida kamida 50 ming nafar yoshlarning bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish uning faoliyatining asosiy samaradorlik koʻrsatkichi hisoblanadi

Prezidentning “Yoshlar tadbirkorligini hamda ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan biznes loyihalarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga koʻra, Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi negizida Yoshlar ishlari agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etiladi. Jamgʻarma mablagʻlari belgilangan manbalar hisobidan 100 mln dollar ekvivalentiga teng summaga yetkaziladi.

Jamgʻarma koʻmagida kamida 50 ming nafar yoshlarning bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish uning faoliyatining asosiy samaradorlik koʻrsatkichi hisoblanadi. Belgilangan daryo, kanal va sohil boʻylarida xizmat koʻrsatish, koʻngilochar va dam olish maskanlarini tashkil etish boʻyicha biznes loyihalarni joylashtirish uchun oʻrnatilgan tartibda elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish orqali yer uchastkalari ajratiladi.

Yoshlar ishlari agentligining Jamgʻarmaga ajratiladigan mablagʻlari hisobidan Jamgʻarma huzurida ustav fondi 10 mln dollar ekvivalentiga teng boʻlgan yoshlarning istiqbolli startap loyihalarini moliyalashtiradigan venchur jamgʻarma tashkil etiladi.

Qarorga koʻra, inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan hamda startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun oʻtkazilgan nufuzli tanlovlarda gʻolib (sovrindor) boʻlgan startap loyihalarga quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha venchur jamgʻarma tomonidan 2 mlrd soʻmgacha investitsiya mablagʻlari ularning ustav fondiga ulush sifatida kiritish orqali ajratiladi:

  • istiqbolda muvaffaqiyatga erishish salohiyati yuqori boʻlgan namunaviy modelni ishlab chiqish jarayonidagi startap loyihaga – 500 million soʻmgacha;
  • Oʻzbekiston bozorida muvaffaqiyatli joriy qilingan startap loyihaga – 1 milliard soʻmgacha;
  • xorijiy bozorga chiqish imkoniyatiga ega boʻlgan startap loyihaga – 2 milliard soʻmgacha.

Savdo-sanoat palatasi hamda joylardagi hokimliklar jamgʻarma tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan biznes loyihalarning rivojlanishiga koʻmaklashish uchun shaxsan masʼul etib belgilanadi. Har chorakda yuqori qoʻshilgan qiymat yaratuvchi biznes loyihalarni moliyalashtirish uchun Jamgʻarmaga takliflar kiritib boradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling