Saudiya Arabistoni podshohi Oʻzbekiston xalqiga muqaddas Kaʼba yopinchigʻining bir parchasini hadya qildi

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni haj va umra ishlari vazirini qabul qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-fevral kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud va Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Vazir, shuningdek, Podshohning koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Kaʼba yopinchigʻi kisvaning bir parchasini topshirdi.

Oʻzbekiston yetakchisi, oʻz navbatida, Saudiya Arabistoni rahbariyatiga bebaho tuhfa hamda ziyoratchilarimizning musulmon dunyosi markazlari - Makka va Madinada boʻlishi uchun yaratilgan imkoniyatlar va qulay sharoitlar uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Birgina oʻtgan yilning oʻzida 800 mingdan ziyod fuqarolarimiz Umra ziyoratini, 15 ming nafari Haj ibodatini ado etdi.

Suhbat chogʻida oʻzbekistonlik ziyoratchilarga shart-sharoitlar va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, ularning Saudiya Arabistoniga tashrifi xavfsiz va qulay boʻlishini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling