Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qurolli Kuchlar qurilishi, uni yana-da rivojlantirishning dolzarb muammolari, fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tashi va mamlakat harbiy xavfsizligini ta’minlashga oid boshqa masalalar yuzasidan Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, 2024-yilning o‘tgan davrida Mudofaa vazirligi tizimida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash holati to‘g‘risida mudofaa vazirining axboroti eshitildi.
Armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirishda asosan zamonaviy qurolli to‘qnashuvlar tahlillari hamda rivojlangan xorijiy armiyalarning ijobiy tajribalari qo‘shinlarga tatbiq etilgan. Natijada o‘tgan yilga nisbatan jangovar shaylik tadbirlari 1,5 barobarga ko‘payib, qo‘mondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligini oshirishga erishilgan.
Qo‘shinlarda operativ tayyorgarlik tadbirlari hamkorlikdagi kuch tuzilmalarini keng jalb qilgan holda tashkil etildi. AQSH, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston armiyalari bilan hamkorlikda o‘quvlar o‘tkazilgan. O‘quvlarda asosiy e’tibor zamonaviy janglarda yangi qo‘llanilayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llashga, ularga qarshi kurashish va boshqaruv mahoratini oshirishga, strategik, operativ va operativ-taktik bo‘g‘inlarda bo‘linmalar tomonidan yangi taktik harakatlar o‘zlashtirilishiga qaratilgan.
Shuningdek, 2024-yilda jangovar mutaxassislik bo‘yicha Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmanistondan tashrif buyurgan harbiy xizmatchilar o‘qitilgan.
Mudofaa vazirligi “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi” axborot tizimining “Chaqiruv” tizimosti dasturi barcha mudofaa ishlari boshqarma va bo‘limlariga tatbiq qilinib, elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Ichki ishlar vazirligining “Manzil”, Adliya vazirligi huzuridagi “Xorijga chiqish pasporti”, “Yoshlar balansi” hamda “Elektron hukumat” platformalari integratsiya qilinib, harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarga oid ma’lumotlar elektron bazasi yaratilgan.
Natijada mudofaa ishlari organlarining fuqarolarga harbiy ro‘yxatga kiritish va undan chiqarish faol davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Ularga oid ma’lumotlarni taqdim qilish bilan bog‘liq masalalarda byurokratizm va boshqa to‘siqlarga barham berilgan.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining muhokama qilingan masalalar yuzasidan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilindi.
Qarorda prezidentning mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi farmon va qarorlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta’minlash, rahbarlarning bu boradagi shaxsiy mas’uliyatini yana-da oshirish zarurligi qayd etilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling