Eski namunadagi 100 AQSH dollarini sotish va sotib olish banklarda hech qanday muammolarsiz amalga oshirilishi maʼlum qilindi

Markaziy bank bu borada vaziyatni doimiy ravishda kuzatib borishini maʼlum qildi

Markaziy bank hozirgi kunda mamlakat hududida eski namunadagi 100 AQSH dollari nominalidagi (2009-yilgacha emissiya qilingan) banknotlarni banklar tomonidan sotish va sotib olish bilan bogʻliq amaliyotlar hech qanday muammolarsiz amalga oshirilayotganligini maʼlum qildi.

Shu bilan birga, birorta davlat hisob-kitoblarida eski namunadagi 100 AQSH dollari nominalidagi banknotlarning qonuniy toʻlov vositasi sifatidagi maqomi oʻzgarmagan.

Markaziy bank aholi va tadbirkorlik subyektlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etadi.

Shuningdek, agar tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalari tomonidan eski namunadagi 100 AQSH dollari nominalidagi banknotlarni qabul qilishda qiyinchiliklarga duch kelinsa, Markaziy bankning “Ishonch telefoni” (71 200-00-44) yoki hududiy boshqarmalarga murojaat etish mumkin.

Oʻz navbatda, Markaziy bank bu borada vaziyatni doimiy ravishda kuzatib borishini maʼlum qildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling