Foto: Repost.uz
Oʻzbekiston hududlarining yashash uchun qulaylik reytingi (Liveability ranking) tuzildi. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bunda The Economist Intelligence Unit nashri tomonidan har yili dunyo shaharlari boʻyicha eʼlon qilinadigan The Global Liveability Ranking metodologiyasidan foydalanilgan.
Reyting hududlardagi ijtimoiy osoyishtalik, sogʻliqni saqlash, taʼlim, madaniyat, atrof-muhit va infratuzilmaviy qulayliklar kabi yoʻnalishlarga oid 37 ta koʻrsatkichni oʻzida jamlagan kompozit indeks asosida tuzilgan boʻlib, 2020—2021-yillar uchun hisoblangan.
Tahlil natijalariga koʻra, Toshkent shahri (reyting koʻrsatkichi 65), Buxoro (57), Navoiy (49), va Fargʻona (48) viloyatlari 2021-yilda Oʻzbekistonda yashash uchun eng qulay hududlar boʻlgani aniqlangan.
Yoʻnalishlar boʻyicha eng yaxshi natijalar
- Ijtimoiy osoyishtalik: Navoiy viloyati (69)
- Sogʻliqni saqlash: Toshkent shahri (75)
- Madaniyat va atrof-muhit: Toshkent shahri (70)
- Taʼlim: Qoraqalpogʻiston Respublikasi (63)
- Infratuzilmaviy imkoniyatlar: Toshkent shahri (85)
2020—2021-yillarda reyting holatida quyidagi oʻzgarishlar roʻy bergan:
Fargʻona viloyati 7-pogʻonadan 4-pogʻonaga, Toshkent viloyati 12-pogʻonadan 9-pogʻonaga koʻtarilgan boʻlsa, Qoraqalpogʻiston 9-pogʻonadan 12-pogʻonaga, Samarqand viloyati 4-pogʻonadan 5-pogʻonaga, Jizzax viloyati 5-pogʻonadan 6-pogʻonaga hamda Andijon viloyati 5-pogʻonadan 6-pogʻonaga tushgan.
Qayd etish kerakki, 2020—2021-yillar davomida Oʻzbekistondagi barqarorlik koʻrsatkichi +1 punktga, sogʻliqni saqlash yoʻnalishi koʻrsatkichi +1,4 punktga, taʼlim koʻrsatkichi +3,1 punktga, infratuzilmalar koʻrsatkichi +0,5 punktga ortgan boʻlsa, madaniyat va atrof-muhit yoʻnalishi koʻrsatkichi -0,2 punktga pasaygan.
Tadqiqot davrida eng yaxshi natija taʼlim yoʻnalishida qayd etildi. Bu yoʻnalish boʻyicha ijobiy natijalarni masofaviy taʼlim platformalari ishga tushirilishi, oliy taʼlim muassasalari qabul kvotalarining oshirilishi bilan izohlash mumkin.
Oʻzbekiston hududlarining yashash uchun qulaylik indeksi hududlarning kompleks rivojlanish darajasi, yashash va ishlash imkoniyatlari, turistik salohiyatini taqqoslashga yordam beradi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling