Hokimlik idoralari faoliyatida korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Bog‘dod tuman hokim o‘rinbosari 8 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida aniqlanishicha, ushbu mansabdor shaxs Beshariq tumanida yashovchi fuqaro tomonidan “e-auksion” orqali ijara huquqi asosida yutib olingan 2,4 sotix yerni boshqa bir fuqaroga mulk huquqi asosida o‘tkazib berishni vaʼda qilgan.
Namangan shaxar hokimining MFYlardan birining tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yordamchisi mazkur mahalladagi “Yashil makon” loyihasi doirasida ajratilgan yer maydonlaridan 8 sotix qismi uchun dalolatnoma rasmiylashtirib, bir yil davomida noturar sifatida foydalanib turish va bir yildan so‘ng yer toifasi karorini turar-joy toifasiga o‘zgartirib berishni vaʼda qilgan.
U buning evaziga fuqarodan 6 ming dollar talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda hokimlik vakili kelishilgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.
Yangi Namangan tumani MFYlaridan birida ham tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hokim yordamchisi tuman hokimligi va kadastrdagi tanishlari orqali ushbu mahalladagi 12 sotix davlat zaxirasida bo‘lgan yerning hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 16 ming dollar talab qilib, oldindan 6 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu hokimliklar vakillariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.