Buxoro viloyati hokimligi Botir Zaripovning bog‘chalarni buzish bo‘yicha topshiriq bergani aytilgan video yuzasidan izoh berdi

Viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning masʼuliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgani qo‘shimcha qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov xususiy bog‘chalarni buzish bo‘yicha topshiriq bergani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat hokimligi matbuot xizmati izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, 22-may kuni viloyat hokimi boshchiligidagi ishchi guruhi Buxoro shahridagi 2-sonli davlat bog‘chasida amalga oshirilayotgan qurilish-taʼmirlash ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi. 140 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur muassasa 1961-yilda qurilgan va hozirda taʼmirtalab holga kelib qolgan. O‘tkazilgan xatlovga asosan  mahalliy byudjet hisobidan zarur mablag‘lar ajratilib, bog‘chada kapital taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

O‘rganish chog‘ida viloyat hokimi qurilish ishlarini jadallashtirish va qisqa muddatda yakunlash yuzasidan shahar hokimligi va soha masʼullariga topshiriqlar berdi. 

Shuningdek, o‘rganish jarayonida Botir Zaripov davlat bog‘chasi hududi obodonlashtirilmaganligi, bog‘chaga tutash bo‘lgan hududdan o‘zboshimchalik bilan egallangan umumiy ovqatlanish obyekti egasi tomonidan bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagi ochilganligi, bundan tashqari bog‘cha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan o‘rab olinmaganligi yuzasidan eʼtirozlarini bildirdi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimlari zimmasiga muassasalarning xavfsizligini taʼminlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, kuzatuv kameralari va yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish, shuningdek, muassasa hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda taʼminlash vazifalari yuklatilgan.

Videolavhada tilga olingan “buzib tashla” jumlasida aynan o‘sha bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona, noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagini bartaraf etilishi nazarda tutilgan. Bunda, viloyat hokimi tomonidan 140 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchilarini xavfsizligi, hamda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli noxush, noqonuniy holatlarni oldini olish - asosiy maqsad bo‘lgan.

“Ijtimoiy tarmoq faollari va foydalanuvchilari aynan shu jumlani “hokim xususiy bog‘chalarni buzib tashlash bo‘yicha topshiriq berayapti” tarzida muhokama qilishmoqda. Bu esa mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalarida bu kabi holatlarni o‘rganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tegishli o‘rinbosariga “hayfsan” intizomiy chorasi qo‘llanilgan, noqonuniy yo‘lak bartaraf etilgan hamda o‘rganish olib borilgan 2-son davlat maktabgacha taʼlim taʼlim muassasasidagi jarayon tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgan va shu tariqa keng tarqalgan”, deyiladi xabarda.

Ushbu holatda viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning masʼuliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishga to‘g‘ri kelgani qo‘shimcha qilindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling