Foto: UzA
Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markaziga kelib, boshlangʻich sinflar uchun ishlab chiqilgan yangi avlod darsliklari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, yangi avlod darsliklari boʻyicha respublika boʻyicha 14 ta tajriba maktablari tanlab olingan. Yangi oʻquv yilidan boshlab ushbu maktablarda yangi darsliklar boʻyicha taʼlimni olib borish rejalashtirilgan. Ularning oʻqituvchilari seminar-treninglarda qatnashib, oʻqitishning yangi metodikalarini oʻzlashtirgani taʼkidlangan.
Maʼlum qilinishicha, mazkur maktablar misolida mamaklatdagi barcha oʻrta umumtaʼlim oʻquv muassasalar uchun texnik va infratuzilma standartlari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida taʼlim sohasidagi islohotlar haqida murojaat qildi. Davlat rahbari soʻnggi yillarda maktablarda amalga oshirilgan ishlar haqida gapirgan.
“Soʻnggi 5 yilda mingta maktab qurdik. 7 millionta kompyuter sinflarini tashkil qildik. Bu kabi ishlarga 14 trillion mablagʻ berdik. Bu hozirgi sharoitimiz uchun katta mablagʻ. Lekin taʼlim uchun bersak arziydi. Bu bizning kelajagimiz”, — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev 1-yanvardan boshlab 14 ta hududda yangi darsliklarni tajriba asosida oʻqitilishini aytdi.
“Keyingi bosqichda 5−11-sinflar uchun ham darsliklar ishlab chiqamiz. Murojaatnomada aytilganidek, har bir maktab bitiruvchisi ikkita tilni bilishi va bitta kasb oʻrganishi kerak. Hozir 22 ta fan bor maktablarda. Endi esa yoshlarga kreativ sohalarda dars berishimiz kerak. Fanlarni ham, dars soatlarini ham koʻrib chiqishimiz kerak”, — dedi prezident.
Shu bilan birga, prezident pedagoglar maoshlari haqidagi mavzuga ham toʻxtalib oʻtgan.
“Mana bugun taʼlim sifatini oshirish, yangi darsliklar masalasida gaplashamiz. Xoʻsh, bu yangi darsliklarni farzandlarimizga kim yetkazadi? Albatta muallim! Men bekorga muallimning obroʻsini koʻtarish haqida takror-takror gapirmayman. Bugungi globallashuv davrida taʼlim, kelajak avlod barkamolligi qay darajada muhimligini yanayam kuchliroq anglab yetyapmiz.
Yilimiz nomini ham taʼlimga bogʻlaganimiz bejiz emas. Bu masala mening doimiy diqqat markazimda boʻladi. Maoshlaringizni oshirdik, lekin bu bilan toʻxtab qolmaymiz. Imkoniyatimiz boʻlishi bilan yana koʻpaytiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling