O‘zbekiston hududining katta qismida, shimoli-g‘arbiy hududlardan tashqari, 2025-yil iyul oyi eng issiq iyul oylari uchligiga kirdi, bir qator hududlarda esa barcha kuzatuv yillari uchun eng issiq bo‘ldi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Deyarli oy davomida havo harorati barcha joylarda iqlim me‘yoridan yuqori bo‘lib, kunduz kunlari havo 38-41 darajagacha, eng issiq kunlarda esa 42-44 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 45-48 darajagacha isidi.
Respublikaning ayrim hududlarida iyul oyida maksimal havo harorati meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun rekord bo‘ldi yoki o‘tgan yillarda o‘rnatilgan rekordlarni takrorladi.
Eng qulay harorat sharoitlari qisqa davrda oyning ikkinchi o‘n kunligi boshida va oy oxirida qayd etilib, bunda kunduz kunlari havo harorati 32-36 darajadan yuqori bo‘lmadi.
O‘zbekistonning turli hududlarida 2025-yil iyul oyida maksimal havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng maksimal bo‘ldi.
Iyul oyi quruq bo‘ldi. O‘zbekiston hududining katta qismida o‘tgan iyul oyida yomg‘ir umuman yog‘madi.
Faqat Farg‘ona vodiysi hududlarida, Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida 1-2 ta qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi holatlari kuzatildi. Bunda bir kecha-kunduz uchun yog‘ingarchilik miqdori 8-13 mm ga yetdi.
Iyul oyining quruq bo‘lishi O‘zbekiston hududi uchun odatiy holdir. Biroq, iyul oyi ketma-ket yog‘ingarchilik taqchilligi kuzatilgan to‘rtinchi oy (2025-yil apreldan boshlab) bo‘ldi.