Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-dekabr kuni yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarini qurishga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Bu galgi marosimda umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 24 ta loyiha tayyorlangan. Xususan, Buxoro, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyatlarida qariyb 2,3 ming megavatt quvvatga ega 5 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi hamda 5 ta yuqori kuchlanishli podstansiya qurib bitkazilgan. Oʻzbekistonda ilk bor Andijon va Fargʻonada 300 megavattli energiya saqlash tizimi barpo etilgan. Qashqadaryoda 400 megavattli elektr stansiyasi, Toshkent shahrida zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi, Andijon, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 4 ta kichik GES shay holatga keltirilgan.

Shuningdek, Fargʻona, Samarqand, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 2,5 ming megavattli 6 ta elektr inshooti qurilish arafasida.
Ushbu yangi loyihalar orqali kelgusi yillarda qoʻshimcha 9,5 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarilib, 2,5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi, 4,6 million tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Eng muhimi, 4 milliondan ziyod xonadon uzluksiz toza energiya bilan taʼminlanadi. Bu iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratishga turtki beradi.
Umuman, mamlakatda kelgusi yili jami 84 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu 2016-yilga nisbatan 25 milliard kilovatt soat yoki 1,5 barobar koʻpdir.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlab, bu loyihalarning barchasi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga qurilayotganini alohida taʼkidladi. Davlat rahbari energetika sohasidagi navbatdagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi.
Birinchidan, 2030-yilga qadar yana 19 ming megavatt “yashil quvvat”larni barpo etilib, qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetkaziladi. Xususan, 2025-yilda 3,4 ming megavattli 18 ta quyosh va shamol stansiyasi, 1,8 ming megavattli saqlash tizimlari ishga tushiriladi. Buning natijasida kelgusi yili “yashil energiya” ishlab chiqarish hajmlari 12 milliard kilovatt soatga yetadi.
Shuningdek, kelgusi 2 yilda xususiy tadbirkorlar bilan birga 2 mingdan ortiq kichik va mikro GESlar tashkil qilish boʻyicha katta dastur amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, elektr energiya bozorini erkinlashtirish boʻyicha navbatdagi qadamlar qoʻyilad. Xususan, kelgusi yil yakuniga qadar raqobatli savdolar orqali elektr energiyasi ulgurji bozori yaratiladi.
Davlat-xususiy sheriklik taqsimlash tarmoqlariga ham joriy qilinib, ularni modernizatsiya qilish uchun 4 milliard dollar investitsiya jalb etiladi. Bu borada Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish boʻyicha ilk loyiha ishlab chiqilib, xalqaro tender eʼlon qilindi.

Uchinchidan, “yashil energetika” yoʻnalishida mintaqaviy va xalqaro hamkorlik kengaytiriladi. Bu borada birinchi amaliy qadamlar qoʻyildi – “COP29” doirasida Qozogʻiston, Ozarbayjon va Saudiyalik hamkorlarimiz bilan “yashil energiya”ni Yevropa mintaqasiga eksport qilish boʻyicha bitim imzolandi.
Markaziy Osiyo elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun bir vaqtning oʻzida quyosh, shamol, suv kabi tabiiy resurslar boʻyicha katta salohiyatga ega. Bu borada mintaqaviy energiya tizimi barqarorligini taʼminlash maqsadida qoʻshni davlatlar bilan yagona platforma ishga tushiriladi.
Toʻrtinchidan, “yashil energetika” boshqa soha va tarmoqlarning rivoji, aholi turmush darajasi yaxshilanishi uchun yangi drayverga aylanmoqda. Xususan, aholi va tadbirkorlar tomonidan 1 ming megavattli quyosh panellari oʻrnatilib, yiliga 1,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi olinmoqda. Bunday ishlar izchil ragʻbatlantirilishi, dual taʼlim asosida mutaxassislar tayyorlanishi aytildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy dastakni bosib, 18 ta majmuaning faoliyati va 6 ta loyihaning qurilishini boshlab berdi.