Elektr energetikasi sohasini 2035-yilgacha rivojlantirish dasturi tayyorlanadi

Prezident elektr energetikasini 2025-2035-yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-yanvar kuni elektr energetikasini 2025-2035-yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Qayd etilganidek, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari barpo etiladi. Ularni tizimga ulash uchun 7 ming kilometr magistral tarmoq qurilib, raqamlashtirilgan boshqaruv joriy qilinadi. Bu orqali hududlarda energiya balansi taʼminlanadi. Bir viloyatda elektr yetishmovchiligi boʻlsa, boshqa joyda qoʻshimcha quvvatlar ishga tushiriladi. Bu ishlar uchun kelgusi besh yilda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”ga 4 milliard dollarlik investitsiya kiritish talab etiladi.

Yana bir muhim masala – elektr energiyasining tannarxini pasaytirish. Buning omili muqobil manbalarni koʻpaytirishdir. Xorijiy ekspertlar ham Oʻzbekiston sharoitida “yashil” energiya imkoniyatlari koʻpligini aytyapti.

Shundan kelib chiqib, 2030-yilga borib jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizdan oshirish koʻzda tutilgan. Jumladan, 3 mingta mikroGESda 164 megavatt, quyosh va shamol qurilmalari hisobiga 750 megavatt quvvatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Kuni kecha davlat rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga oʻtish vaqti kelganini taʼkidladi.

Xususan, sanoatda energiya samaradorlik orqali qoʻshimcha 27 foiz yalpi ichki mahsulot yaratish imkoniyati bor. Hozir kimyo va metallurgiya boʻyicha ayrim mahalliy korxonalarda energiya sarfi dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkichga nisbatan 2 karra, sement ishlab chiqarishda esa 1,2 barobar yuqori.

Shu bois, har bir tarmoq kesimida energiyani 10-15 foiz iqtisod qilish, 2030-yilda elektr energiyasi yoʻqotishlarini hozirgi 14 foizdan 8-9 foizgacha tushirish vazifa qilib olinmoqda.

Xorijiy investorlar bilan yana 26 milliard dollarlik 24 gigavattli loyihalar boʻyicha ishlar boshlangan. Ularga koʻp miqdorda uskuna va qurilish materiallari ishlatiladi. Bu yurtimiz korxonalari uchun katta imkoniyat ekani, loyihalarda mahalliylashtirish va kooperatsiyani rivojlantirish zarurligi taʼkidlandi. 

Isteʼmolchilarga barqaror va uzluksiz elektr yetkazib berish, sohada kadrlar tayyorlashni rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Mutasaddilarga bularning hammasini inobatga olib, elektr energetikasi sohasini 2035-yilgacha rivojlantirish dasturini tayyorlash topshirildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling