Toshkent xalqaro aeroportida Turkiyaga ayollarni fohishalikka yuborishga uringan to‘rtta holat fosh etildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, birinchi holatda Chirchiq shahrida yashovchi ayol Turkiyaning Istanbul shahrida yashovchi tanishlari bilan til biriktirib, O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi 21 yoshli qizni yuqori daromadli ish va‘dasi bilan aldab, fohishalik qilish uchun xorijga yuborishga uringan. U jabrlanuvchini Toshkent xalqaro aeroporti orqali jo‘natayotgan vaqtida ushlangan.
Yana bir holatda Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi ayol Bo‘stonliq tumanida yashovchi 24 yoshli qizni qanday ish ekanini aytmasdan Turkiyaga yuborishga uringan. Tergovga ko‘ra, jabrlanuvchini Istanbulda gumonlanuvchining xorijdagi sherigi kutib olishi kerak bo‘lgan.
Shuningdek, Asaka shahrida yashovchi shaxs ham xorijdagi tanishlari bilan til biriktirib, o‘ziga tanish 24 yoshli ayolni chet elga yuborishga uringan.
Yana bir holatda esa 20 yoshli ayol 30 yoshli tanishini oson daromad topishga ishontirib, Istanbuldagi tungi klubga ishga yuborayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Holatlar yuzasidan gumonlanuvchilarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Hozirda ularning xorijdagi sheriklarini aniqlash va javobgarlikka tortish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.