Ekopolitsiya Toshkent shahri va viloyatida 48 ta ekologik huquqbuzarlikni aniqladi

Reydlar davomida noqonuniy chiqindi tashlash va daraxtlarni kesish holatlari fosh etildi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan reydlarda 48 ta ekologik huquqbuzarlik aniqlandi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

19-maydan 22-iyulgacha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida asosiy e‘tibor qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash va daraxtlarni noqonuniy kesish holatlariga qaratilgan.

Reydlar davomida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Quyi Chirchiq, Zangiota va Qibray tumanlari, shuningdek, poytaxtning Yangihayot, Yunusobod hamda Sergeli tumanlarida ekologik qonunchilik talablarini buzish holatlari aniqlangan.

Natijada huquqbuzarlarga nisbatan 48 ta ma‘muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jami 316,3 mln so‘m miqdorida jarima belgilangan.

Bundan tashqari, bir yil ichida chiqindilarni noqonuniy tashlash qoidabuzarligini takroran sodir etgan haydovchi aniqlanib, holat yuzasidan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling