23-iyul kuni Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida do‘l yog‘ishining oldini olish maqsadida maxsus ta‘sir ishlari amalga oshirildi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Ma‘lum qilinishicha, Qirg‘iziston hududining shimoli-g‘arbiy qismidan kirib kelgan konvektiv do‘lli bulutlar tufayli Yangiqo‘rg‘on gidrometeorologiya xizmati markazi mutaxassislari soat 12:29 dan 12:34 gacha do‘l hosil qiluvchi bulutlarga qarshi 18 ta “Alazan-6” do‘lga qarshi snaryadini qo‘llagan.
Jumladan, 1-sonli tayanch kompleksidan Iskovot, Yangihayot va Xadikent yo‘nalishlarida 6 ta, 3-sonli tayanch kompleksidan Bog‘iston va O‘rtayalong‘och yo‘nalishlarida 6 ta, 4-sonli tayanch kompleksidan esa Bog‘iston, O‘rtayalong‘och hamda Xadikent yo‘nalishlarida yana 6 ta snaryad qo‘llanilgan.
O‘zgidrometga ko‘ra, tadbir qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini do‘lning salbiy ta‘siridan himoya qilish maqsadida o‘tkazilgan.