Abu-Dabida ikki yilda bir marta oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan dunyoning eng yirik mudofaa texnologiyalari koʻrgazmasida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi ham ishtirok etmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu koʻrgazmada harbiy sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan harbiy texnikalar, jumladan, dronlar va elektron urush tizimlari, shuningdek ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar namoyish etilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston uchun ajratilgan povilonlardan “Arslon” 8x8 va 6x6 zirhli transport vositalari, shuningdek, yuk mashinasi shassisiga oʻrnatilgan “Toʻfon” oʻziyurar gaubitsasi ham oʻrin oldi.

Besh kunlik tadbir doirasida ilgʻor harbiy texnologiyalar, strategik sheriklik, sanoat innovatsiyalarini namoyishi, kiberxavfsizlik hamda sunʼiy intellekt va xavfsizlikning kelajagini belgilaydigan yirik shartnomalar imzolanishi koʻzda tutilgan.