Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan joylarda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 16,4 k narkotik moddalar musodara qilindi.
Samarqand tumani hududida harakatlanayotgan Nexia avtomashinasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Paxtachi tumanida yashovchi, 1981 y.t. E.M. ga tegishli 7 kg. 230 gr. “gashish” va 1 kg. 289 gr. “metamfetamin” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular afg‘onistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilganligi ma’lum bo‘ldi.
Urgut tumanida kuzatilgan holatda esa, muqaddam sudlangan fuqarolar, 1986 y.t. F.X. va 1999 y.t. Sh.A.lar Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 921 gr. “opiy” moddasini xaridorga 12 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Namangan shahrida yashovchi, 1995 y.t. Sh.Yu. va A.Yu. hamda 1994 y.t. Sh.Q.lar muqaddam tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan Chust tumanidagi dala maydoniga yashirib ketilgan 3 kg. 50 gr. “gashish” moddasini olgan vaqtlarida ushlandi.
Boshqa holatda esa “Namangan-Andijon” yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacyetti avtomashinasi Norin tumani hududida to‘xtatilib tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Asaka tumanida yashovchi, 1989 y.t., muqaddam sudlangan F.X.ga tegishli 1 kg. 911 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu ajal og‘usi muqaddam Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumaniga olib kelinganligi ma’lum bo‘ldi.
Surxondaryo viloyatida qayd etilgan holatda Denov tumanida yashovchi, 1990 y.t., muqaddam sudlangan B.B. Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 2 kg. 16 gr. “opiy” moddasini 10 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling