Oʻzbekistonda “konvertda” oylik toʻlayotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytiriladi

Prezident raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

Yigʻilishda ikki yil oldin savdo va xizmatlar sohasidagi korxonalarga ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilangani taʼkidlandi. Oʻtgan davrda korxonalar soni 1,5 karra oshib, ulardagi ishchilar 220 mingga koʻpaydi.

Muhimi, koʻp korxonalar “soya”dan chiqib, oylikni toʻgʻri koʻrsatishga oʻtgani hisobiga, ish haqi 3,2 karra koʻpayib, qoʻshimcha 2,1 trillion soʻm soliq tushdi.

Shu bois koʻp tadbirkorlar imtiyoz muddatini yana uch yilga uzaytirishni soʻramoqda. Bu taklif maʼqullanib, endilikda imtiyoz servis korxonalarining kamida 3 million soʻm oylik oladigan 30 yoshgacha boʻlgan ishchilariga qoʻllanishi belgilandi.

Va aksincha, xufiyona faoliyat yuritib, “konvertda” oylik toʻlayotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan (kunbay, ishbay) mehnat shartnomasini tuzishga ruxsat beriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling