Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.
Oʻtgan yili turizm xizmatlari eksporti 3,5 milliard dollar boʻldi. Lekin, bu imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.
Masalan, Malayziya va Indoneziyada 7 millionga yaqin Naqshbandiya tariqati izdoshlari bor. Ular Umraga borishdan oldin ziyoratgohlarimizga sayohat qilishni istaydi. Bu sayyohlarni Kuala-Lumpur yoki Jakartadan Samarqand va Buxoroga kamida 2 kunga olib kelib, keyin oʻzimizni samolyotda Umraga yuborish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Mutasaddilarga Malayziya va Indoneziya ziyoratchilari uchun “Umra plyus” turpaketini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Shahrisabzda “Oqsaroy”, Xivada “Ichan qalʼa”, Buxoroda “Labi hovuz”, Toshkentda “Yangi Oʻzbekiston” maydonlari boʻlsa-da, ularda konsert, koʻrgazma, forumlar oʻtkazish boʻyicha reja qilinmagani koʻrsatib oʻtildi. Oʻzimizdagi 6 ta turistik markazda xalqaro darajadagi sanʼatkorlarning konsertlari tashkil qilinsa, mehmonxona, restoran, kafe, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari sayyohlar bilan toʻlishi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga kamida 1 million turistni olib keladigan konsert, biznes forumi va koʻrgazmalar oʻtkazish dasturini ishlab chiqish topshirildi.
Shuningdek, toʻliq oʻrganilmagan tarixiy obyektlar juda koʻpligini inobatga olib olimlar bilan birgalikda jozibador tarixiy obyektlarni aniqlash va restavratsiya qilish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.