Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun loyihasi bilan uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan o‘n sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Shuningdek, uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar OIVga majburiy tibbiy tekshiruvdan budjet mablag‘lari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa – o‘z mablag‘lari, ish beruvchining mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistondan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslarni borayotgan davlatining qonunchiligi, unda bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish va zarur materiallar bilan ta‘minlash majburiyatini xususiy bandlik agentliklarining litsenziya shartlaridan biri etib belgilash ham taklif etilmoqda.
Deputatlarning ta‘kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga, mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni ta‘minlash bo‘yicha ta‘sirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.