Xonanda Botir Qodirov mualliflik huquqini buzganligi uchun shoir Shamsiddin Sadoiyga jami 132 million so‘m miqdorida tovon puli va ma‘naviy zarar to‘laydi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, iyun oyida shoir Shamsiddin To‘rayev tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga mualliflik huquqi buzilishi natijasida yetkazilgan ma‘naviy zarar va tovon puli undirish to‘g‘risidagi da‘vo arizasi kiritilgan.
Sudning hal qiluv qaroriga asosan javobgar Botir Qodirovdan da‘vogar Shamsiddin To‘rayevning foydasiga 112,5 mln so‘m miqdorida tovon puli hamda 20 mln so‘m ma‘naviy zarar undirilishi belgilandi.
Shuningdek, Botir Qodirov zimmasiga Shamsiddin To‘rayev muallifligidagi "Davlating borida”, “Omonat” va “Tingla do‘stim” nomli qo‘shiqlar ijrosini efirga uzatish, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishni darhol to‘xtatish majburiyati yuklatildi.