O‘zbekistonning Serbiyadagi birinchi elchisi (qarorgohi Budapesht shahrida joylashgan) Oybek Shaxavdinov ushbu mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchichga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Serbiya munosabatlarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Serbiya tomoni O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Yevropadagi diplomatik ishtirokini kengaytirish bo‘yicha qadamlarini ijobiy baholab, hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Tomonlar turli darajadagi munosabatlarni faollashtirish, hamkorlikning huquqiy asoslarini ishlab chiqish va bevosita ishbilarmonlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdorligini bildirishdi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, mehnat migratsiyasi, taʼlim va turizm kabi sohalardagi loyihalarni ilgari surishning muhimligi qayd etildi. Ikki mamlakat iqtisodiyotining bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatini hisobga olgan holda, qo‘shma tashabbuslar, jumladan, xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlariga eʼtibor qaratildi.