To‘rtta hududda xorijiy davlatlarga ishga yuborishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida xorijiy davlatlarga ishga yuborishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Sergeli tumanida fuqarolar I.Q. va A.A. (muqaddam firibgarlik jinoyatlari uchun sudlangan) fuqaro A.T.ning ishonchiga kirib, go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uni AQSHga ishga yuborishi evaziga 22 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Namangan viloyatida fuqaro X.T. fuqaro A.A. va boshqalarni tanishlari orqali Yaponiyaga ishga yuborishi evaziga avvaldan kelishilgan 32 ming dollardan 10 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan. 

Shu bilan birga, Farg‘ona shahrida “B.G.” MCHJ Farg‘ona filiali rahbari N.A. fuqaro A.A.ga o‘zini go‘yoki Tashqi mehnat migratsiya agentligi xodimi sifatida tanishtirib, uni Janubiy Koreyaga ishga yuborishi uchun 10 ming dollar evaziga sertifikat tayyorlab berishini aytgan. Shundan 5 ming dollarni olgan vaqtida ushlangan.

Bundan tashqari, Andijon viloyatida chet tillarni o‘rgatuvchi “A.” o‘quv markazi xodimi X.Sh. fuqaro F.O.ni Janubiy Koreyaga ishga yuborishi uchun “G1 viza” rasmiylashtirib berishini aytib, undan 4 500 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling