Hukumat qarori bilan “Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizom chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish, Qurolli Kuchlar safidagi muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun tanlab olish tartibini belgilaydi. Chaqiriluvchilar tanlovda 1 yilda faqat 1 marta ishtirok etishi mumkin.
Tanlov chaqiruv yilidan avvalgi yilning 10-avgustidan chaqiruv yilining 10-fevraliga qadar o‘tkaziladi. Chaqiriluvchi bilan suhbat o‘tkazish orqali uning quyidagi maʼlumotlariga aniqlik kiritiladi:
- harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqi;
- huquqbuzarliklar sodir etgani, javobgarlikka tortilgani va sudlangani bilan bog‘liq holatlar;
- sog‘lig‘ining holati;
- bilim darajasi;
- oilaviy sharoiti va boshqalar.
Chaqiriluvchilarning umumjismoniy tayyorgarlik darajasi quyidagi umumjismoniy normativlarni qabul qilish orqali baholanadi:
- turnikda tortilish;
- 100 metrga yugurish;
- 3000 metrga yugurish.
Tanlov yakunlari bo‘yicha chaqiriluvchini tavsiya etish yoki tavsiya etmaslik bo‘yicha tegishli xulosa qabul qilinadi.