Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov tomonidan raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nomiga senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, unda qayd etilishicha, 2019-yildan buyon mobil qurilmalarni IMEI-kodi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan, 2024-yildan esa ularni O‘zbekistonga olib kirishda majburiy deklaratsiya to‘ldirish talab etiladi. Agar deklaratsiya to‘ldirilmasa, qurilmani UZIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida to‘lov belgilangan.
So‘nggi paytlarda mazkur jarayondagi muammolar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, uzimei.uz, my.gov.uz saytlari va “BIRDA” ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati cheklangani tufayli ayrim hollarda xizmat haqi sunʼiy oshirilmoqda.
Shuningdek, ikkinchi SIM-karta uchun IMEI2-kodni alohida ro‘yxatdan o‘tkazish va buni faqat qurilmani avval ro‘yxatdan o‘tkazgan joyda amalga oshirish talabi fuqarolar uchun qo‘shimcha murakkablik va xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.
Yuqorida keltirilgan holatlardan kelib chiqqan holda, vazirdan uzimei.uz va my.gov.uz platformalari hamda “BIRDA” mobil ilovasidagi texnik muammolarni bartaraf etish, IMEI2-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, UZIMEI tizimida mavjud byurokratik talablarni yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida 10 kun ichida maʼlumot taqdim etishi so‘ralmoqda.