Oʻzbekistonda 2025-yil 1-martdan nimalar oʻzgaradi? Norma.uz portali bahorning ilk kunidan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgartirishlar sharhini taqdim etdi.
Bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilganda subsidiyalar toʻlanadi
Nogironligi bor bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlarini tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagi subsidiyalar nazarda tutiladi:
- kunduzgi parvarish xizmatidan bir kun foydalanganlik uchun 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan har bir bola uchun BHMning 25 foizi, 7 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan har bir bola uchun BHMning 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bunda viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya miqdori 1,1 oshiruvchi koeffitsiyentni qoʻllash orqali belgilanadi;
- Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning nogironligi boʻlgan har bir bolasi uchun subsidiyaning 30 foizi miqdorida qoʻshimcha mablagʻ toʻlanadi;
- xususiy sherik tomonidan kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilgan joydan 3 km radiusdan uzoq masofada yashovchi bolalarni tashish uchun transport xizmati yoʻlga qoʻyilganda, tarbiyalanuvchining mazkur xizmatga amalda qatnagan kunlari sonidan kelib chiqib, bir oy uchun BHMning 75 foizigacha miqdorida kompensatsiya toʻlanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati obyektlarini topshirishning yangi tartibi joriy qilinadi
Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklariga 2 ikki yil ichida yangi loyihalarni ishga tushirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish sharti bilan mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli koʻchmas mulk obyektlarini:
- tadbirkorlik subyektlariga 10-yil muddatga toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berish, shuningdek 4-yil davomida ijara toʻlovlarini toʻlagan va ijara shartnomasi shartlarini bajargan tadbirkorlarga – baholash qiymati boʻyicha xususiylashtirish yoki toʻgʻridan-toʻgʻri sotish uchun;
- chet tillarini oʻqitish va malaka sertifikatini olish boʻyicha faoliyat yurituvchi mahalliy va xorijiy mutaxassislar yoki tashkilotlarga 5-yil muddatga ijaraga berish ruxsat etiladi.
Qishloq xoʻjaligi texnikasini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha yangi talablar belgilanmoqda
Imtiyozlardan foydalangan holda xarid qilingan, shu jumladan import qilingan va respublikada ishlab chiqarilgan yangi traktorlar va kombaynlarga GPS qurilmalari oʻrnatmasdan ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Xayriya ajratmalari uchun yangi platformalar ishga tushiriladi
Jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy xayriya ajratmalariga xizmat koʻrsatish boʻyicha «Yashil olam» va «Yashil toʻlov» platformalari joriy etiladi.
Davlat bojini qaytarishning yangi tartibi
Taraflar oʻrtasida kelishuv bitimi tuzilganligi sababli sud ishi tugatilganda tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarga davlat boji quyidagi miqdorlarda qaytariladi:
- birinchi instansiya sudida – toʻlangan davlat bojining 70 %;
- apellyasiya va kassatsiya tartibida berilgan shikoyatlar boʻyicha sudlarda – toʻlangan davlat bojining 30 %.
Yolgʻiz ota-onalarga moddiy yordam toʻlanadi
Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan, rasmiy band boʻlgan yolgʻiz onalarga (otalarga) Davlat ijtimoiy himoya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bola (bolalar) uch yoshga toʻlgunga qadar maktabgacha taʼlim xizmatlaridan foydalanish uchun bir bolaga 1,5 BHMgacha moddiy yordam koʻrsatiladi.
“Ekologik transport” tizimi joriy etiladi
“Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etiladi. Uning doirasida transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini aniqlash va ekologik stikerlar berish boshlanadi.
Pensiyalarni tayinlash - proaktiv shaklda
Fuqarolarga yoshga doir pensiyalar belgilangan yoshga toʻlishi munosabati bilan alohida murojaat talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlanadi. Bunda, yoshga doir pensiyalar tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasida axborot almashinuvi asosida olinadigan fuqaroning ish staji, ish haqi hamda boshqa maʼlumotlariga asosan hisoblanadi va tayinlanadi.
Barcha davlat organlarining veb-sahifalari – Yagona platformada
Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari Hukumat portalining yagona platformasi orqali faoliyat yuritadi. Davlat organlari rahbarlari oʻz idoralarining rasmiy veb-saytlarining yuritilishiga shaxsan masʼul boʻladilar.
Yer qaʼiridan foydalanish ustidan monitoringning yangi tartibi
Yer qaʼridan foydalanish boʻyicha masofaviy monitoring va risk-tahlil "Geomonitoring" axborot tizimi hamda SGM platformasi orqali amalga oshiriladi.