Olmaliq shahar IIB navbatchilik qismi tomonidan 15-fevral kuni 14-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan mahkum Muxammadqodir Poʻlatov Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasi jonlantirish boʻlimida vafot etanligi maʼlum qilingan.
Holat yuzasidan shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan voqea joyi va murda koʻzdan kechirilib, mutasaddi xodimlar va shifokorlardan holat yuzasidan tushuntirishlar olingan va oʻlim sababini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotiga koʻra, yurak ishimik kasalligini oʻtkir shakli, yurak mushaklarida qon ketishi “miokard infarkti”dan vafot etganligi koʻrsatilgan.
Hozirgi kunda tergovga qadar tekshiruv harakatlari Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Shuningdek, 11-fevral kuni 7-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʻtagan mahkum Mustafa Tursinbayev bir qavatli binoning devorlarini buzayotgan vaqtida devor qismi qulab, bosib qolgan.
Mahkum M.Tursinbayev zudlik bilan shifoxonaga joylashtirilgan. Biroq, shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan mahkum M.Tursinbayev 16-fevral kuni shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda Toshkent maxsus prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.