Qashqadaryoda “jihodchilar” oqimining 8 nafar aʼzosi ozodlikdan mahrum etildi

Guruh aʼzolari o‘z yashash xonadonlarida yig‘ilishlar o‘tkazib, “halifalik davlati” barpo etish masalalarini muhokama qilgan

Qashqadaryoda “Jihodchilar” oqimining 8 nafar aʼzosi 6 yildan 10 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar berdi DXX.

Maʼlum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatida “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimining yashirin jamoati fosh etildi.

Xususan, Qarshi tumanida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam bir necha bor sudlangan, o‘ta xavfli retsidivist Qarshi shahri hamda Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi, 1964-1986-yillar oralig‘ida tug‘ilgan 7 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy diniy jamoat tuzgan.

Tergov davrida aniqlanishicha, guruh aʼzolari o‘z yashash xonadonlarida yig‘ilishlar o‘tkazib, “halifalik davlati” barpo etish masalalarini muhokama qilgan.

Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlarni g‘oyaviy daʼvatchilarining jihod, hijrat, halifalik to‘g‘risidagi audio-video materiallarni o‘zaro bir-birlariga tarqatib, o‘z saflarini kengaytirish maqsadida boshqa fuqarolar ongiga ham ekstremistik g‘oyalarni singdirishga harakat qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 159, 244 prim 1 va 244 prim 2-moddalari bilan aybli deb topilib, ularga 6 yildan 10 yil 6 oygacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling