Ijtimoiy tarmoqlarda Qoʻqon shahar, 51-mavzesida sogʻlom chinor daraxti hech qanday asossiz kesilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat boʻyicha Fargʻona viloyat Ekologiya boshqarmasi munosabat berdi.
Maʼlum qilinishicha, shu kunning oʻzida Qoʻqon shahar “Zilol” MFY A.Xoʻqandiy mavzesi 53-koʻp qavatli uylar joylashgan hududda oʻrganish nazorat ishlari olib borildi.
Oʻrganishda haqiqatdan ham hududda nomaʼlum shaxslar tomonidan hech qanday ruxsatnomasiz koʻp yillik chinor daraxtini tagidan yarim qismiga qadar arralab ketilgan holati aniqlandi.
Holat yuzasidan tegishli tashkilot xodimlari ishtirokida tezkor surishtiruv ishlari olib borilib, dalolatnoma tuzildi hamda 117 mln soʻm oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar hisoblandi.
Holatga asosan toʻplangan hujjatlar Qoʻqon shahar prokuraturasiga taqdim etilib, hozirda holat yuzasidan tergovga qadar oʻrganish ishlari davom etmoqda.