Foto: Khaama Press
Tolibon Afgʻoniston poytaxti Kobul gʻarbida oʻtkazgan matbuot anjumanida qatnashgan ayol jurnalistlar va huquq faollari hamda toʻrt erkakni hibsga oldi. Bu haqda Khaama Press xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Tolibon 3-noyabr kuni Kobulda jurnalist va faol ayollarni, jumladan, Afgʻoniston ayollari tenglik uchun harakati tuzilganini eʼlon qilgan matbuot anjumanida qatnashgan namoyishchilardan biri Zarifa Yoqubiyni hibsga olgan.
“Avvaliga Tolibon binolarni oʻrab oldi, soʻng ayollar tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanini qoʻpollik bilan buzib, ularni majburan hibsga oldi, mobil telefonlarini tortib oldi va ayollarni nomaʼlum joyga olib ketdi”, — deydi guvohlarning biri.
Taʼkidlanishicha, Afgʻonistonda Tolibon tomonidan jurnalistlar va inson huquqlari faollarining oʻzboshimchalik bilan hibsga olinishi afgʻon fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarini gʻazablantirgan. Ular zudlik bilan ozod etilishini va guruh taʼqiblarini toʻxtatishni talab qilgan.
“Afgʻoniston uchun oʻzgarishlar harakati” siyosiy partiyasi asoschisi va Afgʻoniston tinchlik muzokaralaridagi delegatsiyasi aʼzolaridan biri Favziya Kufi Tolibon ayollarni oʻzboshimchalik bilan hibsga olingani uchun javobgarlikka tortilishi kerakligini taʼkidlagan.
“Buni tugatish kerak, ayollar fuqarolik va jamoat hayotida ishtirok etish huquqiga ega. Qancha koʻp bosim boʻlsa shuncha koʻp qarshilikka olib keladi. Odamlarni qiyin tanlov qilishga majburlamang”, — deya qoʻshimcha qilgan Kufi.
Xalqaro Amnistiya tashkilotining Janubiy Osiyo boʻyicha faoli Samira Hamidi ham Tolibonning bu ishiga Twitter orqali javob bergan: “Yana bir inson huquqlarini buzish va suiisteʼmol qilish harakati. Javobgarlikning yoʻqligi Tolibonga bu suiisteʼmolliklarni ishonch bilan davom ettirishga imkon beradi”, — degan u.
Shuningdek, Afgʻoniston uchun oʻzgarishlar harakati partiyasining rasmiy bayonotida Yakubiyni zudlik bilan ozod qilishga chaqirilagan.
“Yoqubiy xonim va uning hamkasblari imkon qadar tezroq ozod etilishini kutamiz. Biz norozilik namoyishiga chiqqan ayollarning Tolibon tomonidan oʻzboshimchalik bilan hibsga olinishini toʻxtatishni talab qilamiz”, — deyiladi bayonotda.
Jurnalistlarni mustaqil matbuotning “tayanchi” deb tan olgan AQSH Davlat departamenti 2-noyabr “Xalqaro Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolishga barham berish kuni” ga bagʻishlangan bayonotida butun dunyo boʻylab mard jurnalistlarni adolatga chaqirgan.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Afgʻoniston hokimiyati Tolibon tomonidan egallanishidan oldin faoliyat yuritgan 547 ommaviy axborot vositasidan atigi 328 tasi faoliyat koʻrsatmoqda, 219 ta bosma, vizual va eshitish vositalari esa Tolibon hukmronligi davrida yopilgan.
Afgʻonistonda ommaviy axborot vositalarining tobora kuchayib borayotgan cheklovlari butun dunyo boʻylab keng tanqidlarga sabab boʻlmoqda. BMT va Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (CPJ) Tolibonning bu ishini qoralab, Tolibondan mahalliy jurnalistlarni taʼqib qilishni toʻxtatishni talab qilmoqda. Shuningdek, davomli hibslar va tajdidlar soʻz erkinligini boʻgʻishini taʼkidlamoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling