Ravshan Usmanov Oʻzbekistonning Islandiyadagi elchisi etib tayinlandi

Elchi Islandiya prezidenti Xalla Tomasdottirga ishonch yorliqlarini topshirdi

Ravshan Usmanov Oʻzbekistonning Islandiyadagi elchisi (qarorgohi London shahrida joylashgan) etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Elchi Islandiya prezidenti Xalla Tomasdottirga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Rasmiy marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida Islandiya prezidenti Xalla Tomasdottir ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor Oʻzbekiston elchisining ushbu mamlakatga tayinlanishi, hech shubhasiz, oxirgi yillarda Oʻzbekiston prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosatning natijasi ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Islandiya oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari boʻyicha fikr almashildi. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalarida aloqalarni jadallashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Islandiya yetakchisi energetika, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, baliqchilik, turizm hamda atrof-muhitni himoya qilish kabi sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama manfaatli boʻlishini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida Islandiya Prezidenti Xalla Tomasdottir Oʻzbekiston rahbariyati va xalqiga farovonlik hamda bardavom taraqqiyot, Oʻzbekiston elchisining ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va kengaytirish yoʻlidagi ishlariga esa muvaffaqiyatlar tiladi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston va Islandiya oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1997-yil 25-sentyabrda oʻrnatilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling