Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha joriy yil yakunlari va 2025-yilga asosiy rejalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi hamda yetakchi tadbirkorlar bilan muloqot oʻtkazildi.
Turizm sohasida ham katta ishlar qilindi. Tadbirkorlarning 6,5 trillion soʻm sarmoyasi bilan 24 ming oʻrinli mehmonxonalar ishga tushdi.
Kelgusi yilda mehmon oʻrinlari yana 30 mingga oshadi. Tadbirkorlar bunga 10 trillion soʻm investitsiya kiritishga tayyor.
Bu yil ishga tushgan 17 ta yirik savdo va turistik maskanga qoʻshimcha yana 25 ta shunday majmua qoʻshiladi.
Boʻstonliqda 10 milliard dollarlik “Sea Breeze” nomli yirik markaz qurilishini boshlashga kelishib olindi. Shuningdek, mamlakatimizga dunyoni nufuzli Swissôtel, Sheraton, Ritz-Carlton, Novotel, Pullman, Marriott, ibis, Mercure kabi 23 ta mehmonxona brendlari kirib kelayapti.
Savdoni rivojlantirish boʻyicha alohida kompaniya ochilib, eksportni moliyalashtirish uchun 350 million dollar ajratildi. Natijada berilgan har 1 dollar hisobiga tadbirkorlar 6 dollarlik eksport qildi.
Kelgusi yilda bunga yana 300 million dollar berilishi belgilandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling