Sog‘liqni saqlash vazirining ikki nafar o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi, yana bir vazir o‘rinbosari ogohlantirildi

Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Prezident raisligida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini yana-da oshirish, dori vositalari isteʼmolini tartibga solish hamda tibbiy taʼlimni takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda tibbiy sug‘urtani joriy qilish surunkali surilib kelayotgani keskin tanqid qilindi. Toshkent shahrida o‘tgan yili, Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo va Xorazmda bu yili ushbu tizim ishga tushishi kerak edi. Sug‘urta jamg‘armasi faqat tayyor pulni taqsimlovchiga aylanib qolgani ko‘rsatib o‘tildi.

“Belgilangan islohotlarimiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasin, tizim raqamlashmasa, kutilgan natijaga erisha olmaymiz”, - dedi prezident.

Lekin mutasaddilar tizimni to‘liq raqamlashtirish u yerda tursin, oddiy “elektron retsept”ni ham ishga tushira olmagani tanqid qilindi. “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”ni joriy etishda ham jiddiy oqsoqliklar bor.

“Vazirlik rahbarlari dunyoqarashini o‘zgartirib, fidoyi bo‘lmasa, masʼuliyatni his qilib, so‘rovni kuchaytirmasa, islohotlar mahallagacha yetib bormaydi”, - dedi davlat rahbari.

Shu bois, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolar uchun sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosarlari D.Sultanov, F.Sharipov lavozimidan ozod etildi, vazir o‘rinbosari O.Omonov 6 oyda raqamlashtirishda o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirildi.

Davlat rahbari muammolarga yechim topish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlarni belgilab berdi va yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Bugungi yig‘ilishda ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha salkam ikki yil tayyorgarlik ko‘rilgani, xorijning ilg‘or tibbiyot markazlaridan ekspertlar jalb qilingani taʼkidlandi.

“Agar birlamchi bo‘g‘in, raqamlashtirish va sug‘urtani joyiga qo‘ysak, tibbiyot xodimlarini bilim va amaliy ko‘nikmasini yaxshilasak, muhimi, aholining tibbiy madaniyatini oshirsak, shuning o‘zi orqali ko‘zlagan maqsadlarimizga erishamiz”, - dedi prezident.

Endilikda birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha yangi tizim bo‘lishi belgilandi. Prezident buni Ishtixon tumanidagi bitta poliklinika misolida chuqur tahlillar asosida tushuntirib berdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling