Ijtimoiy tarmoqlarda Boʻka tumanida 19 yoshli ayol va uning homilasi shifokorlar aybi bilan nobud boʻlgani aytilgan videolavhalar tarqaldi. Holat yuzasidan SSV matbuot xizmati izoh berdi.
Maʼlum qilinishicha, Boʻka tumanining “Yangiobod” MFY hududida yashovchi, 2004-yilda tugʻilgan N.S. joriy yil 17-noyabr kuni soat 14:30 lar atrofida onasi tomonidan ushbu tuman tibbiyot birlashmasi tugʻuruq boʻlimiga yoʻllanma asosida olib kelingan.
Bemor “Homiladorlik-I, 30 hafta, siydik yoʻli infeksiyasi, semizlik-III daraja” dastlabki tashxisi bilan muassasaga yotqizilgan. Shunga qaramay, ayol oʻsha kuni soat 17:10 lar atrofida tilxat asosida shifoxonadan chiqib ketgan.
Oradan 3 kun oʻtib, 20-noyabr kuni soat taxminan 04:50 da bemor N.S. ushbu tugʻuruq boʻlimiga qayta murojaat qilgan va tanasida shishlar hamda sariqlik belgilari bilan ogʻir ahvolda qabul qilingan. Unga “Homiladorlik-I, 30 hafta, siydik yoʻli infeksiyasi, oʻtkir yogʻli gepatoz, anemiya oʻrta ogʻir daraja, semizlik-III daraja” dastlabki tashxisi qoʻyilgan.
Biroq shu kuni soat 13:10 lar atrofida davolanish chogʻida ayolning ahvoli ogʻirlashgan va shifokorlar konsiliumidan soʻng bemor reanimatsiya boʻlimiga oʻtkazilgan. Uning holati boʻyicha viloyat perinatal markaziga xabar berilgan.
Homilador ayol salomatlik holati hisobga olingan holda, soat chamasi 14:55da jarrohlik amaliyotiga olingan. Operatsiya chogʻida bemorda barcha inyeksion muolajalar tibbiy koʻrsatmaga muvofiq bajarilgan.
Lekin N.S. ning umumiy ahvoli jarrohlik amaliyoti bajarilayotgan davrda yanada ogʻirlashib, klinik oʻlim holati sodir boʻlgan. Tegishli reanimatsion muolajalar bajarilishiga qaramay, bemorda soat 17.50 atrofida biologik oʻlim qayd etilgan.
Dastlabki xulosaga koʻra, mazkur holat sababi sifatida “Oʻpka arteriyasining tromboembolik sindromi. Ogʻir gepatoz. Oʻtkir jigar yetishmasligi. Urosepsis. Septik shok“ qayd etilgan va soat 20.00 lar atrofida prokuratura organlariga rasmiy axborot berilgan.
”Shu oʻrinda eslatib oʻtamiz: belgilangan tartibga binoan, tibbiyot muassasalarida sodir boʻlgan har qanday oʻlim holatlari patanatomik tekshiruvga yoki sud-tibbiy ekspertizaga, biologik oʻlim qayd etilgandan soʻng ikki soat davomida yoʻnaltiriladi", — deyiladi xabarda.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligining bosh akusher-ginekologi rahbarligidagi ishchi guruh xizmat tekshiruvini amalga oshirmoqda. Oʻz navbatida, Boʻka tumani prokuraturasi tomonidan ona oʻlimi boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilyapti.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling