Dilshod Axatov Oʻzbekistonning Shveysariyadagi elchisi etib tayinlandi

Elchi ushbu mamlakat prezidenti Viola Amherdga ishonch yorliqlarini topshirdi

Oʻzbekistonning Shveysariyadagi favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Berlin shahrida) Dilshod Axatov ushbu mamlakat prezidenti Viola Amherdga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Tantanali marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan uchrashuvda Prezident Viola Amherd soʻnggi yillarda mamlakatlar oʻrtasida yuqori darajadagi ikki tomonlama aloqalar sezilarli faollashganini taʼkidladi.  

U Shveysariya hukumati Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.

Davlat rahbari Oʻzbekiston va Shveysariya iqtisodiyoti oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekanini bildirdi. Xususan, foydali qazilmalarni oʻzlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, “yashil” energetika, suv va energiyani tejash texnologiyalarini joriy qilish, iqlim oʻzgarishi va ekologiya muammolari oqibatlarini bartaraf qilish, kasbiy taʼlim tizimida Shveysariya dual taʼlim modelini joriy qilish borasida hamkorlikka tayyorligini maʼlum qildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling