O'zbekistonda piyoz eksporti to'rt oyga cheklandi

Ochiq rastalarda saqlanayotgan piyoz muzlab qolgan

Foto: Qishloq xo'jaligi vazirligi

Foto: Qishloq xo'jaligi vazirligi

Oʻzbekiston aholisining 20-yanvardan 30-aprelga qadar tibbiy meʼyorlar boʻyicha piyozga boʻlgan isteʼmol talabi oʻrtacha 346 ming tonnani tashkil etadi va bu vaqt davomida mahsulot eksporti vaqtincha cheklandi, deb xabar berdi Qishloq xoʻjaligi vazirligi.

Taʼkidlanishicha, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida uzilishlar yuzaga kelishi oqibatida ayrim dehqon bozorlarida xaridorlar tomonidan mazkur mahsulot narxining oshishi borasida salbiy fikrlar tarqalmoqda. Holat esa bu turdagi mahsulot narxiga ham taʼsir qilishi mumkin. Xususan, bugungi kunda respublika dehqon bozorlarida piyozning oʻrtacha chakana narxi 6000−8000 soʻm, ulgurji narxi oʻrtacha 5500−6500 soʻmni tashkil etgan.

Vazirlikning bildirishicha, buning asosiy sababi sifatida 9-yanvardan 17-yanvargacha boʻlgan keskin sovuq (oʻrtacha -13 darajadan -22 daraja) sababli yonilgʻi-energetika sohasida vujudga kelgan muammolar va mahsulotni tashish logistikasi tizimida yuzaga kelgan uzilishlarni koʻrsatish mumkin.

Sovuq oqibatida bozorlarda ayrim ochiq rastalarda saqlangan piyozlar muzlab qolgan (muzlash harorati -5 daraja) hamda noqulay ob-havo sharoiti sabab taklif hajmi pasaygan.

Ichki isteʼmol bozor narxini arzonlashtirish, aholining isteʼmol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekistonda 2023-yilning 1-yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov oʻrnatildi.

Hozirda hududlarda zaxira miqdori 87 ming tonna va aholi xonadonlarida 232 ming tonna, jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligi viloyatlar tomonidan tasdiqlandi. Bu esa joylarda piyoz zaxirasi mavjudligini koʻrsatmoqda.

Tahlillarga koʻra, aholining isteʼmol talabi doirasida mavjud zaxiraga qoʻshimcha 26,5 ming tonna piyoz kerak. Ushbu mahsulotlarni import qilish boʻyicha xorijiy davlatlardagi sohaviy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryoda ekilgan ertapishar urugʻ rejadagidek unib, hosil bersa, bu boradagi taqchillik yuzaga kelmasligi va aholi talabi toʻliq qoplanishi boʻyicha hisob-kitoblar mavjud.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling