Albaniya va Germaniya prezidentlari O‘zbekistonga keladi

Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbarlarining muzokaralari bo‘lib o‘tadi.

Albaniya prezidenti Bayram Begay rafiqasi hamrohligida 16-17-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Tashrif dasturi doirasida Albaniya Prezidenti V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.

Shuningdek, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rafiqasi hamrohligida 17-18-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi.

Tashrif dasturiga muvofiq, ikki davlat rahbarlarining tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tadi. 

Muzokaralar doirasida bir qator yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni ishga tushirish hamda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qo‘shimcha surʼat bag‘ishlaydigan hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling