Toshkentda IIO bo‘linma boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi DXX.
Shayxontohur tumani IIO FMB TQX Jinoyat qidiruv bo‘limi bo‘linma boshlig‘i tadbirkorga nisbatan firibgarlik moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini o‘zining mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berishni va‘da qilgan.
Buning evaziga u 7 ming dollar talab qilgan.
Shuningdek, tadbirkorga tegishli restoranda yuz bergan yong‘in oqibatida bir ishchi kuyish jarohati olgani bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatib berish uchun yana 500 dollar so‘ragan. Jami talab qilingan mablag‘ 7,5 ming dollarni tashkil etgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs oldindan 2,5 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.