Foto: Videodan lavha
2022-yil 10-oktyabrda OʻzMU axborot resurslar markazi rahbari ushbu universitetda yoʻqolgan 2,6 milliard soʻmlik nodir qoʻlyozmalar ishi boʻyicha hukm qilinib, 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi. Toshkent shahar sudlari ushbu jinoyat ishi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot eʼlon qildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida Oʻzbekiston Milliy universitetining Axborot resurs markazi “Sharqiy” fondining umumiy bahosi 2 mlrd 656 mln 600 ming soʻm qiymatga ega noyob — 57 ta tarixiy qoʻlyozma asarlari, XIII-XIX asrlarga oid 12 ta toshbosma va 9 ta tarixiy hujjatlarini talon-toroj qilingan.
Shuningdek, juda koʻp miqdorda davlat manfaatlariga zarar yetkazish hamda oʻta muhim ahamiyatga ega, tarixiy-madaniy qimmatliklar haqida maʼlumot beradigan 341 ta inventar kitoblarini taqdim qilinmagan.
Oqibatda 45 ta noyob qoʻlyozmalar, 104 ta noyob toshbosmalarni, yaʼni davlat va jamoat tarixiy-madaniy boyliklarining yoʻqolib ketishiga sabab boʻlgani yuzasidan Oʻzbekiston Milliy universitetining Axborot resurslar markazi rahbariga oid jinoyat ishi koʻrib chiqilib, hukm oʻqilgan edi.
Sud hukmi bilan Axborot resurslar markazi rahbari Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan va 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Sudlanuvchining qizi va advokati ham sud hukmidan norozi boʻlib, appelyatsiya shikoyati yozishini aytgandi.
Toshkent shahar sudlarining xabar qilishicha, 6-dekabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasida Axborot resurslar markazi rahbariga oid ish yuzasidan chiqarilgan sud hukmiga sudlanuvchi va uning advokati tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqildi.
Apellyatsiya instansiyasi sudi shikoyatda keltirilgan vajlarni oʻrganib, sudlanuvchining ayblovidagi kitoblarni oʻzlashtirgani tasdiqlanmagani, balki u oʻz mansab vazifalarini lozim darajada bajarmagani oʻz tasdigʻini topgan.
Shu sababli, Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining 10-oktabrdagi Axborot resurslar markazi rahbariga oid hukmi oʻzgartirilgan. Xususan, uning harakatlari Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandidan 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilindi.
Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a,b” bandlari bilan, 45-moddaga asosan tayinlangan jazolar aslicha qoldirildi.
Jinoyat kodeksining 59 (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61 (Jazolarni qoʻshishning hisoblash qoidalari), 62 (Ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamogʻi vaqtini hisobga olish qoidalari ) moddalari tartibida Axborot resurslar markazi rahbariga oʻtash uchun uzil-kesil 6 oy 23 kun ozodlikni cheklash va 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, sud hukmining sudlanuvchidan Oʻzbekiston Milliy universiteti foydasiga 2 mlrd 642 mln 600 ming soʻm miqdoridagi moddiy zararni undirish belgilangan qismi chiqarildi.
Axborot resurslar markazi rahbariga tayinlangan qamoqda saqlash ehtiyot chorasi bekor qilinib, sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling