Sovuq tushishi kutilayotgani munosabati bilan Oʻzbekistondagi bogʻchalarda 10−18-yanvar kunlari taʼtil deb eʼlon qilingan edi. Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ota-onalar ushbu kunlar uchun farzandlarining “bogʻcha puli”ni toʻlamaydi.
Qayd etilishicha, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida navbatdan tashqari taʼtil eʼlon qilingandan soʻng koʻplab ota-onalardan mazkur taʼtil kunlarida ham bogʻcha puli toʻlanishiga doir koʻplab savollar kelib tushgan.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, bu kunlar uchun toʻlov toʻlanmaydi. Bu boʻyicha barcha talablar “Maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktab-internatlardagi bolalar taʼminotiga haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizomda belgilab qoʻyilgan.
Xabarga koʻra, taʼtil eʼlon qilingunga qadar bogʻcha toʻlovi amalga oshirilgan boʻlsa, keyingi toʻlovlarni amalga oshirish jarayonida taʼtil kunlari uchun toʻlangan badal summasi hisobga olinadi.
Hukumatning tegishli yigʻilish bayoniga asosan, taʼtil kunlari davomida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritadigan xodimlarga amaldagi tartib saqlangan holda ish haqi toʻlanadi.
Avvalroq, Oʻzbekiston boʻyicha kelayotgan yangi haftada anomal sovuq ob-havo boʻlishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. Shu munosabat bilan barcha taʼlim muassasalarida qishki taʼtil muddati 17-yanvarga qadar uzaytirilgan edi. Talabalar xarid qilingan avia va temir yoʻl chiptalarini 9-yanvargacha bepul almashtirishlari mumkin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling