Ko'chmas mulklarni davlat ro'yxatidan o'tkazishning huquq va cheklovlari belgilandi

Bu boʻyicha tegishli qonun imzolandi

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

28-noyabr kuni prezident “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar bermoqda.

Qonunga koʻra, koʻchmas mulkning quyidagi turlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga nisbatan tatbiq etiladi:

— yer uchastkalariga;

— binolarga, inshootlarga, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlarga;

— koʻp yillik dov-daraxtlarga;

— mulkiy majmua sifatidagi korxonaga.

Koʻchmas mulkka boʻlgan quyidagi huquqlar yoki cheklovlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim:

— mulk huquqi;

— doimiy egalik qilish huquqi;

— doimiy foydalanish huquqi;

— meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi;

— ijara huquqi;

— ikkilamchi ijara huquqi;

— xoʻjalik yuritish huquqi;

— operativ boshqarish huquqi;

— koʻchmas mulkni ishonchli boshqarish huquqi;

— bepul foydalanish huquqi;

— renta;

— ipoteka;

— servutit;

— koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarga qoʻyilgan cheklovlar.

Binolarga, inshootlarga hamda qurilishi tugallanmagan obyektlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ushbu koʻchmas mulk joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.

Koʻchmas mulkning kadastr yigʻma jildini shakllantirish uchun quyidagilar asos boʻladi:

— yer uchastkalarining belgilanganligi (realizatsiya qilinganligi);

— binoning, inshootning qurilganligi va foydalanishga topshirilganligi;

— belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida qurilishi tugallanmagan obyektning mavjudligi;

— koʻchmas mulkning boʻlinganligi;

— koʻchmas mulkning birlashtirilganligi.

Davlat reyestri koʻchmas mulk, unga boʻlgan huquqlar, shuningdek huquq egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning elektron bazasi tarzdagi tizimlashtirilgan maʼlumotlar toʻplamidan iboratdir.

Maʼlumot uchun, ushbu qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling